R.A.Mavlonova 1930yil6noyabrda tug‘ilgan.1958 yilda Toshkent davlat pedagogika instituti “Pedagogika va psixologiya” fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1959-1974 yillarda O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tekshirish institutida ilmiy pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan. Shu yillar davomida assistent, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida samarali mehnat qilgan. 1967 yilda akademik Siddiq Rajabov rahbarligida “Mehnat tarbiyasida maktab va oilaning hamkorligi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1990 yili R.Mavlonova boshchilik qilib fanda erishgan barcha yutuqlarni umumlashtirib, “O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari doktori degan ilmiy darajaga sazovor bo‘ldi. R.A.Mavlonova o‘z mehnat faoliyatini 1951 yilda Toshkent shahrida 3-o‘rta maktabda boshlang‘ich sinflarda o‘qituvchilikdan boshlagan. R.Mavlonova 1975-1984 yillarda “Pedagogika va psixologiya” fakultetining dekani vazifasida ishlagan. 1984 yildan 2003 yilgacha “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi” kafedrasining mudiri lavozimida faoliyab olib borgan R.Mavlonova Respublikamiz miqyosida boshlang‘ich pedagogika ta’limi masalalari bilan chuqur va mufassal shug‘ullangan olimadir. Uning ilmiy-pedagogik faoliyati, respublikamiz boshlang‘ich pedagogika ta’limi rivojiga qo‘shgan hissasi nihoyatda ko‘p qirralidir. Maktablarimizning boshlang‘ich ta’lim va pedagogik muammolari, boshlang‘ich ta’lim pedagogikasining metodologiyasi va oliy ta’lim didaktikasi masalalari taniqli olima ilmiy-tadqiqot faoliyatining asosiy yo‘nalishidir. O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tekshirish institutining R.A.Mavlonova rahbarlik qilgan bo‘limida fanlar bo‘yicha dasturlar tuzish va uni takomillashtirishdan tashqari, bir qancha darslik va metodik qo‘llanmalar yaratildi. Eng yaxshi o‘qituvchilarning ish tajribalari haqida maqolalar to‘plami, bir qator ko‘rgazmali qurollar nashr etildi.Pedagog olima faoliyatiga nazar tashlasak, u har doim boshlang‘ich ta’limning eng dolzarb masalalarini anglay biladigan, o‘quv-tarbiya jarayonining samarali usullarini izlashga alohida diqqat-e’tibor bilan yondoshadigan zukko olima sifatida namoyon bo‘ladi. R.A.Mavlonova “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining mehnat tarbiyasi”, “Bolalarning mehnat tarbiyasida maktab va oilaning o‘zaro hamkorligi” kabi yirik hajmdagi monografik ishlarni yaratgan. R.Mavlonovaning «Mehnat ta’limi metodikasi» monografiyasi yirik tadqiqodlar sirasidan o‘rin olgan. O‘zbekistonda mehnat ta’limining metodologik yo‘nalishini belgilab berdi. Rahima Abdurazzoqovna Mavlonova «O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim taraqqiyoti», «Mehnat ta’limi metodikasi», «1,2,3-sinflarda mehnat darslari» kabik qo‘llanmalar mualpifi sifatida boshlang‘ich ta’lim taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan olima hisoblanadi. Olima respublikada bolalarni 6 yoshdan maktabga jalb qilish ishlariga ham rahbarlik qilgan. R.Mavlonova 1975 yilgacha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida dekan lavozimida faoliyat yuritgan davrida fakultet uchun malakali ilmiy kadrlar tayyorlash; talabalarga ta’lim-tarbiya berish samaradorligini oshirish; maktablarning boshlang‘ich sinflari uchun o‘qituvchi-kadrlar tayyorlashni jadallashtirish; boshlang‘ich ta’lim tizimini darsliklar, o‘quv va metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash bo‘yicha yirik metodik ishlarga rahbarlik qilgan. Shuningdek, 1975 yilda “Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi” kafedrasiga mudira bo‘lib o‘tdi va yoshlarni tadkiqot ishlariga jalb qilish va yo‘naltirish, professor-o‘qituvchilar ma’ruzalarining sifatini nazorat qilish, o‘zaro darslarga kirib, ularni kafedra yig‘ilishlarida tahlil qilish, o‘qituvchilarni fanlar ixtisosligi bo‘yicha joy-joyiga qo‘yish, aspirantlar bilan ishlash, ilmiy tadqiqotlarga rahbarlik qilish va shy kabi tadbirlarni amalga oshirish vazifalarini amalga oshirgan. R.Mavlonova jonkuyar, fidokor tashkilotchi sifatida bir umr boshlang‘ich ta’lim samaradorligini oshirish muammolari bilan shug‘ullandi. Shu bilan birgalika Nizomiy nomli TDPI «Boshlang‘ich ta’lim» kafedrasiga uzoq yillar rahbarlik qildilar. Shu davrda bog‘cha, maktab, kollej, institut uzviyligini ta’minlash borasidagi ishlarga ham rahbarlik qildilar. R.A.Mavlonova, O.T.To‘raeva, K.M.Xoliqberdievlar muallifligidagi «Pedagogika» darsligi kollej har bir talabasining yaqin ko‘makchisiga aylangan. Mualliflar darslikni kollej talabalari uchun dastur asosida qayta nashr qilganlar. Darslik bugungi kunda nafaqat kollej o‘quvchilarining balki universitet talabalariga ham pedagogika fanining xilma-xil qirralarini o‘rganishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda. R.A.Mavlonova uzoq yillardan beri pedagogika kollejining Davlat attestatsiyasi komissiyasining raisi sifatida talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalarini ob’ektiv baholab keldilar. R.Mavlonovaning «Pedagogika» darsligi Qozog‘istondagi oliy o‘quv yurtlarida ham o‘qitildi. Monografiyalari va ilmiy asarlaridan oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari, magistrantlar, aspirantlar va doktorantlar keng foydalanmoqdalar. Mehnat ta’limini joriy etishda R.Mavlonova boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun yozgan darsliklari va uslubiy qo‘llanmalari O‘zbekistonda va Qozog‘istonda keng joriy etilgan. R.Mavlonovaning1- sinf “Mehnat” darsligi (1970), 2- sinf “Mehnat” darsligi (1971), 3- sinf “Mehnat” darsligi (1974), 4- sinf “Mehnat” darsligi (1975) “1- sinfda o‘qitish: o‘qituvchi uchun darslik”, (1978), ,, 1- 4 – sinflarning darsliklariga metodik qo‘llanmalar”, (1986, 1987, 1988) singari o‘quv- metodik qo‘llanmalari nashr qilingan. Professor R.A.Mavlonova mohir tashkilotchi, jonkuyar rahbardir. Uning faol tashkilotchiligi, ayniqsa, 1967-73 yillarda boshlang‘ich ta’limni uch yillikka o‘tkazish davrlarida atroflicha namoyon bo‘ldi. Olimaning tadqiqot ishlari samarali natija berdi. Buni biz respublikamizda avj olgan pedagogik harakat — olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlash jarayoniga rahbarlik qilganliklarida ko‘rishimiz mumkin. Uning bevosita ishtiroki va boshchiligijda olti yoshlilarni maktabga tayyorlashning eksperimental o‘quv rejasi va dasturi tuzildi, umumta’lim sinflari qoshida tayyorlov sinflari ochildi. Ana shu samarali mehnatlari uchun 1974 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” unvoni, O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi”, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Respublikamiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab professor R.Mavlonova “Pedagogika” darsligining yangi avlodi ustida ilmiy izlanishlar, mashaqqatli mehnatlar olib bordi. U tomonidan kasb- hunar kolleji talabalari va oliy o‘quv yurti talabalari uchun “Pedagogika” darsliklari va magistratura yo‘nalishi bo‘yicha “Boshlang‘ich ta’limda innovatsiya”, “Boshlang‘ich ta’limni integratsiyalash”, “Umumiy pedagogika nazariyasi va amaliyoti”, “Boshlang‘ich ta’limning integratsiyalashgan pedagogikasi”, “Mehnat va uni o‘qitish metodikasi”, “Tarbiyaviy ishlar metodikasi”, “Ijtimoiy pedagogika”, “O‘quv ustaxonasida amaliy mashg‘ulot”, “Boshlang‘ich ta’limda innovatsion pedagogik texnolgiyalar” kabi bir qator o‘quv qo‘llanmalar nashr ettirildi. Shu bilan birga R.Mavlonova tomonidan bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalari, dasturlari, o‘quv qo‘llanmalari tuzildi va amaliyotga tatbiq etildi. “Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi va tarbiyaviy ishlar metodikasi” kafedrasi mudiri, professori sifatida bir necha grantlarga (“Uzluksiz ta’lim tizimida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini asosiy hal qiluvchi shaxs sifatida tayyorlashni takomillashtirishning nazariy va amaliy asoslari” mavzusidagi grant. 2002-2005 yillar, “Tarbiyaviy ishlar metodikasi”-2006-2008 yillar, “Tarbiya konsepsiyasini yaratish” konsepsiyasi 2006-2009 yillar) rahbarlik qildi. O‘zbekistonda pedagogika sohasini rivojlantirishga qo‘shgan katta hissalari va o‘nlab pedagog fan nomzodlari, doktorlari, va minglab yosh pedagog- mutaxassislar tarbiyalab, Vatan ravnaqiga o‘z xissasini qo‘shgan R.Mavlonova 2007 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bu orden R.Mavlonovaning oddiygina mehnatlari evaziga emas, mashaqqatli mehnatlari evaziga berilganini uning shogirdlari, farzandlari dildan his qilishadi. 2005 yil shu universitet xuzurida 13.00.06 - tarbiya nazariyasi va metodikasi hamda 13.00.03-maxsus pedagogika ixtisosliklari bo‘yicha Birlashgan ixtisoslashgan kengash tashkil etildi va R.Mavlonova unga a’zo qilib kiritildi. Qolaversa, u mazkur kengash xuzuridagi metodologik kengash a’zosi bo‘lib faoliyat olib bordi. Talabchan murabbiy, mehribon ustoz, to‘g‘riso‘z va bag‘rikeng inson professor R.Mavlonova respublikamizdagi malakali ilmiy kadrlar tayyorlash borasida jonbozlik ko‘rsatdi va ko‘rsatib kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligida 30 ga yaqin fan nomzodi, besh nafar fan doktori yetishib chiqdi. R.Xasanov, R.Ibroximova, M.Xaydarov, Q.Abdullaeva, Levenberg kabi ko‘zga ko‘ringan olimlar shular jumlasidandir. Raxima Mavlonova o‘z ilmiy ishlari va ilmiy maktab asoschisi sifatida bir qancha shogirdlar tayyorladi, hozirgi kunda shogirdlar ham o‘z ustozlari singari izlanishda davom etmoqda. ShulardanR.Xasanov, R.Ibragimov, M.Xaydarovlargadoktorlik dissertatsiyasiga ilmiy rahbar,M.A.Yuldashev, A.Arifbaev, S.Musaeva, G.Jumasheva, N.Oxunjonov, D.Abduraximova, M.Maxkamovalarning nomzodlik dissertatsiyasiga opponent hamda ilmiy rahbarlik qilgan.
Сиддиқ Ражабов Республикамизда халқ маорифининг ривожланишига педагогика илмининг тараққиётига, ихтисосли педагогик кадрлар тайёрлаш ишига катта ҳисса қўшган, дастлабки педагогика фанлари номзоди, дастлабки педагогика фанлари доктори, профессор ва дастлабки академикдир. Сиддиқ Ражабов 1910 йил 1 апрелда Қозоғистоннинг Авлиё-ота (ҳозирги Жамбул) шаҳрида камбағал-косиб оиласида туғилди. Унинг отаси Ражаб ака ямоқчилик билан кун кўрар, лекин шундай бўлса ҳам оиланинг бош фарзанди Сиддиқнинг ўқиб, илм олишини орзу қилар эди. Ражаб ака ўғлини янги мактабга ўқишга берди. Лекин кўп ўтмай ота вафот этди. Ота васияти ва илмга бўлган иштиёқ унга тўғри йўлни кўрсатиб берди. 1926 йилда ўн олти ёшли Сиддиқ Ражабов ғайрат билан ўқишга, меҳнат қилишга киришди. Шаҳар ёшларининг халқ ўртасида олиб борган маданий-оқартув ишларида фаол қатнашди. 1927 йилда Фарғона педагогика билим юртига ўқишга кирди. 1930 йилда бу билим юртини муваффақиятли тамомлади. Билим юртини тугатгандан сўнг Қашқадарё вилоятининг Ғузор туманига ишга юборилди. У шу тумандаги Авғонбоғ қишлоғида бошланғич мактаб очади, шу мактабда ҳам муаллимлик, ҳам мудирлик вазифасини бажаради. Шуниси муҳимки, С.Ражабов қаерда ишламасин халқ таълими ва педагогик масалалардан узоқлашмади, аксинча, ёш авлодни юксак ватанпарварлик ва байналмилаллик руҳида тарбиялаш масалалари билан қизиқиб, қатор илмий мақолалар нашр этди, педагогика тарихига, халқ маорифи тараққиётига, шунингдек, йирик педагогларнинг меросини ўрганишга оид рисолалар яратди. С.Ражабов 1947 йилда Низомий номли Тошкент давлат педагогика институти педагогика кафедрасига мудир қилиб тайинлангандан кейин унинг ўз илимий педагогик фаолиятини янада ривожлантиришга кенг имконият яратилди. У ўз атрофига педагогика илми мухлисларини тўплаб, йирик педагогик муаммоларни ҳал қилиш ва ўрганишга бошчилик қила бошлади, республикамизда педагогика фанини янги тараққиёт босқичига кўтаришда жонбозлик қилди. Олимнинг 1958 йилгача бўлган даврдаги ижодий фаолияти янада салмоқли бўлди. Бу йилларда унинг “Педагогикани ўқитишни ҳозирги замон фани талаби даражасига кўтарайлик”, “Ўқитувчилар касби ҳақида”, “Ўзбекистонда 25 йил ичида мактабларнинг тараққиётига доир”, “Педагогика олий ўқув юртлари талабаларининг илмий тадқиқот ишлари ҳақида”, “Ўзбекистон мактабларининг 30 йил ичидаги тарихидан”. Таъкидлаш жоизки, С.Р.Ражабов фақат раҳбарлик фаолияти билан чекланиб қолмади, аксинча, 1958—1966 йилларда 50 дан ортиқ илмий ва ўқув-методик ишлар муаллифи бўлди. Чунончи, “Л.Н.Толстойнинг педагогик фаолияти ҳақида”, “Педагогика фанининг янги вазифалари”, “Педагогика назарияси ва тарихига оид илмий-оммабоп мақолалар тўплами”, “Дарсда ўқувчилар активлигини ошириш йўллари”, “Тадқиқотчиларнинг кучини бирлаштирайлик”, “Таълим бериб тарбиялайлик, тарбиялаб таълим берайлик”, “Энг шарафли бурчимиз”, “Мактаб ҳақида ғамхўрлик — умумхалқ иши”, “Ўзбекистонда халқ маорифи”, “Педагогика фанининг равнақи учун” каби ишлари, шунингдек, 1962, 1966 йилларда нашр қилинган “Педагогика” дарсликларига ҳаммуаллиф бўлди.